Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari doimo eʼtiborimizda!
Joriy yilning 28-iyul kuni muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanidagi 21-sonli Mehribonlik uyiga tashrifi chogʻida mehribonlik uylarini mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalariga biriktirish tashabbusini ilgari surgan edi.
Xususan, Toshkent moliya institutiga Yunusobod tumanida joylashgan 21-sonli Mehribonlik uyi biriktirilgan.
Mazkur tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida institut tomonidan doimiy tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday amaliy ishlardan biriga 15-sentabr kuni institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, talabalar hamda OAV vakillari ishtirokida 21-sonli Mehribonlik uyida tashkil etilgan uchrashuvni misol qilishimiz mumkin.
Tadbir davomida 21-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining yashash va bilim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirish, ularning maqsadi, kayfiyati, oʻy-xayollari bilan qiziqib, maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini yanada boyitish, vatanparvarlik ruhida kamol toptirish maqsadida tomonlar oʻrtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Uchrashuv kuy-qoʻshiq, raqs va turli sahna chiqishlariga ulanib ketdi. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ham institutimizdan tashrif buyurgan talaba-yoshlarimiz bilan birgalikda koʻngil yozishdi. Shuningdek, institutimiz professor-oʻqituvchilari bilan davra suhbatlari boʻlib oʻtdi.
Institutimiz tomonidan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining bilimlarini oshirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun turli xildagi kitoblar va sport buyumlari sovgʻa qilindi.
Shuningdek, tarbiyalanuvchi bolalarni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarga oʻrgatish va ularning kelgusida oliygohlarga kirishiga koʻmaklashish muhitini shakllantirish maqsadida institutimiz oʻquv kurslarida bepul taʼlim olish imkoniyati yaratildi.
Uchrashuv soʻngida, ushbu mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini kelgusida yetuk mutaxassis boʻlib yetishishlari uchun kerakli bilimlari berish, ularni yanada ruhlantirish borasidagi koʻplab amaliy ishlar qilish koʻzda tutilganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
TMI matbuot xizmati